You are here

O'zbekiston yoshlar ittifoqining “O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasidagi Yetakchilar kengashining ta'sis yig'ilishi bo'lib o'tdi

Joriy yilning 8-sentar kuni “O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasida “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O'zbekiston yoshlar itifoqi faoliyatini qo'llab-quvvatlash to'g'risida”gi Prezident farmoni hamda “O'zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar to'g'risida”gi Qarori ijrosini ta'minlash maqsadida kompaniya tizimidagi Yetakchilar kengashining ta'sis yig'ilishi o'tkazildi. Unda O'zbekiston yoshlar ittifoqi, “O'zbekinvest” kompaniyasi rahbariyati vakillari hamda kompaniyaning yosh xodimlari ishtirok etdi.

Yig'ilishda O'zbekiston yoshlar ittifoqi “O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasidagi Yetakchilar kengashi faoliyatini yo'lga qo'yish va uning rahbar organini saylash masalalari muhokama qilindi.

Yig'ilishda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati izchil va samarali amalga oshirilishi, navqiron avlodni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning huquqiy hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yurt kelajagi uchun mas'uliyatni o'z zimmasiga olishga qodir bo'lgan o'g'il-qizlarni voyaga yetkazish borasida muhim dasturilamal bo'layotgani, yoshlarning tashabbus va imkoniyatlarini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratib berilyotgani ta'kidlandi.

“O'zbekinvest” kompaniyasi tizimida ham yoshlar bilan ishlash, ularning malakasini oshirish, qayta tayyorlash, mamlakatimiz va xorijiy ta'lim muassasalarida o'qitish, qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan foydalanish uchun keng sharoitlarni yaratish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Xususan, “O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi va O'zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi o'rtasida kompaniya tizimida Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, yetakchilar kengashi va boshlang'ich tashkilot faoliyatini yo'lga qo'yish va faollashtirish bo'yicha qo'shma qaror imzolandi. Ushbu hujjat kompaniya tizimida faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislarga bir qator imtiyozlar, qulayliklar va samarali mehnat qilishlari uchun shart-sharoitlarni o'z ichiga qamrab olgan.

Yig'ilishda qatnashchilarga Yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ro'y berayotgan o'zgarish va yangilanishlar tushuntirilib, istiqboldagi masalalar, Yetakchilar kengashi va boshlang'ich tashkilot faoliyatining vazifalari belgilab olindi.

Shundan so'ng, O'zbekiston yoshlar ittifoqining “O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasidagi Yetakchilar kengashi a'zolari va raisi saylandi.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati