Islom Karimov tavalludining 80 yilligiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi

chop etish versiyasi
01.02.2018

O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug'aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan «O'zbekinvest» milliy sug'urta kompaniyasida «Islom Karimov – mustaqil O'zbekiston asoschisi» mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi.

O'zbekiston yoshlar ittifoqining Kompaniyadagi boshlang'ich tashkiloti tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda Yunusobod tumani Ma'naviyat va ma'rifat markazi vakillari va «O'zbekinvest» kompaniyasi xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda so'zga chiqqanlar Islom Karimovning serqirra faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimiz tarixida o'chmas iz qoldirgani, nafaqat O'zbekiston, balki jahon miqyosida katta hurmat va obro'-e'tiborga sazovor bo'lgan ulkan shaxs, davlat va siyosat arbobi sifatida tanilganini ta'kidlashdi. Darhaqiqat, Birinchi Prezidentimiz o'zining Prezident sifatidagi butun hayoti va faoliyatini yurtimizda yangi davlat, yangi jamiyat barpo etish, mustaqilligimizni mustahkamlash, o'zbek nomini, O'zbekiston nomini butun dunyoga tarannum etishdek ulug' maqsadga bag'ishladi. Xalqimiz mamlakatimizda istiqlol yillarida amalga oshirilgan ulkan o'zgarishlarni haqli ravishda Birinchi Prezidentimiz nomi bilan bog'laydi.

Shu bilan birga, davra suhbatida ta'kidlandiki, xalqimizning tinch va farovon hayoti, mamlakatimizning barqaror iqtisodiy ravnaqi uchun borlig'ini, umrini bag'ishlagan, jahon miqyosida katta obro'-e'tibor qozongan buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimovning beqiyos xizmatlarini yoshlar ongu qalbiga singdirish katta tarbiyaviy ahamiyatga ega.

Islom Karimov mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz manfaati yo'lida amalga oshirgan ezgu ishlari, islohotlarining qadri yillar davomida oshib boraveradi.

Tadbir so'nggida "O'zbek kino Milliy agentligi” tomonidan ishlangan "E'zoz” videoroligi namoyish etildi.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati