“O'zbekinvest” sug'urta kompaniyasida MDIS talabalari bilan uchrashuv tashkil etildi

chop etish versiyasi
01.10.2017

2017-yilning 31-oktabr kuni “O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasida Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti (MDIS) talabalari bilan uchrashuv tashkil etildi.

Unda “O'zbekinvest” kompaniyasi rahbariyati, departamentlar rahbarlari, institutning turli yo'nalishlar bo'yicha tahsil oluvchi talabalari, bitiruvchilari hamda professor o'qituvchilari ishtirok etishdi.

Ushbu uchrashuvni tashkil etishdan ko'zlangan asosiy maqsad talabalarga “O'zbekinvest” kompaniyasi faoliyati va uning o'ziga xosliklari, ko'rsatilayotgan sug'urta xizmatlari, mamlakatimizdagi sug'urta tizimi to'g'risida ma'lumot berish hamda iqtidorli bitiruvchilarni kompaniyaga malaka oshirishga va istiqbolda ishga jalb qilishdan iborat.

Ochiq muloqot shaklida o'tgan tadbirda “O'zbekinvest” mutaxassislari tomonidan ishtirokchilarga kompaniya faoliyati, tashkiliy tuzilmasi, sug'urta xizmatlarining turlari, yirik biznes hamkorlari va xalqaro aloqalari haqida batafsil ma'lumot berildi. Shuningdek, institut bitiruvchilari xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, ish jarayonida zarur bo'ladigan talablar bilan ham yaqindan tanishdilir.

Qayd etish lozimki, “O'zbekinvest” tomonidan kompaniya faoliyati, ko'rsatilayotgan sug'urta xizmatlari, mamlakatimizdagi sug'urta tizimi to'g'risida ma'lumot berish hamda iqtidorli bitiruvchilarni kompaniyaga malaka oshirishga va istiqbolda ishga jalb qilish maqsadida hozirgi kunga qadar Toshkent moliya instituti, Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi. Shuningdek, kompaniya tomonidan respublikamizdagi moliya-iqtisod yo'nalishidagi boshqa nufuzli oliy o'quv yurtlari bitiruvchilari bilan ham uchrashuvlar tashkil etish rejalashtirilgan.