Tashuvchilarning atigi 30 foizi sug'urtalangan

chop etish versiyasi
13.04.2018

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlislari va siyosiy partiyalar fraksiyalari yig'ilishlarida «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida»gi O'zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhokama etilmoqda.

Qonun loyihasining maqsadi tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish mexanizmini takomillashtirish, barcha yo'lovchilar manfaatlarini himoya qilish, davlat organlari tomonidan ushbu qonunning ijro etilishi ustidan nazoratni takomillashtirish, shuningdek mazkur sohadagi ishlar samaradorligini oshirishdan iborat.

Ma'lumotlarga ko'ra, 2018-yilning 1-yanvar holatiga respublika bo'yicha yo'lovchilarni tashuvchi litsenzilangan avtotransport vositalari 74025 tani tashkil etadi. Litsenzilangan avtotransport vositalarining umumiy sonidan atigi 22010 tasi, ya'ni 30 foizi sug'urtalangan. Ushbu ko'rsatkich qonun talablarining to'liq ijro etilmayotganligini namoyish etmoqda hamda ko'tarilayotgan muammoning dolzarbligini yana bir bor tasdiqlamoqda.

Ko'rib chiqilayotgan qonun loyihasida faoliyati litsenziyalanishi lozim bo'lgan, yo'lovchilarni va ularning mol-mulkini tashish bo'yicha tijoratga oid transport xizmatlar ko'rsatuvchi yuridik shaxslarga tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risidagi shartnomalarni uch oydan bir yilgacha muddatga tuzish huquqi berilayotganligi, shuningdek yo'lovchilarni tashish chog'ida transport vositasini boshqarayotgan har bir haydovchi yonida tegishli transport vositasi uchun rasmiylashtirilgan sug'urta polisining mavjud bo'lishi ta'minlanayotganligi nazarda tutilmoqda.