«O'zbekinvest» kompaniyasi “Omadli polis sohibi” aksiyasini o'tkazdi

chop etish versiyasi
13.04.2018

2018-yilning 12-aprel kuni "WYNDHAM" mehmonxonasida “O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi tomonidan jismoniy shaxslar o'rtasida sug'urta xizmatlarini yanada ommalashtirish, sug'urta himoyasining afzalliklarini keng targ'ib qilish, kompaniya tomonidan ishlab chiqilayotgan sug'urta turlari bilan tanishtirish hamda kompaniya tashkil etilganining 24 yilligi munosabati bilan e'lon qilingan “Omadli polis sohibi” aksiyasining yakuniy marosimi o'tkazildi.

Ta'kidlash kerakki, transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urtasi eng ommabop sug'urta turlaridan biri hisoblanadi va tabiiyki, yurtdoshlarimizning ko'pchiligi ushbu sug'urta xizmatidan foydalanishadi. Shundan kelib chiqib, ushbu sug'urta turi bo'yicha aholiga sifatli sug'urta xizmatlarini ko'rsatish va uning mazmun-mohiyatini tushuntirish sug'urta kompaniyalarining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.

Avtomobillardan foydalanish jarayonida uchinchi shaxslarga ziyon yetkazish ehtimolining ortgani va uning oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan muammolarni hal etish uchun 2008-yilda "Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida"gi qonun qabul qilingan. Mazkur qonunning maqsadi fuqaroning hayoti va sog'lig'iga transport vositasi orqali zarar yetkazilganda kelib chiqadigan majburiyatlarni tartibga soladi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2008-yilda qabul qilingan "Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish qoidalari" esa transport vositasi egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish tartibini belgilaydi.

Jahon tajrisiga asoslangan holda joriy qilingan bu amaliyot yo'l-transport hodisalari natijasida haydovchi tomonidan yetkazilgan zararni qoplash imkonini beradi.

Ushbu qonunga muvofiq transport vositasidan foydalanishda jabrlanuvchining hayoti, sog'lig'i va (yoki) mol-mulkiga zarar yetkazilganligi uchun sug'urta qildiruvchining yoki transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish shartnomasi bo'yicha javobgarligi sug'urtalangan boshqa shaxsning fuqarolik javobgarligi yuzaga kelishi sug'urta hodisasi hisoblanadi.

Demak, sug'urta tashkiloti to'g'ridan-to'g'ri javobgar shaxs bo'lmay, faqat shartnoma asosida sug'urta qildiruvchi tomonidan yetkazilgan zararni qoplaydi. Tomonlar o'rtasidagi shartnoma esa sug'urta mukofoti to'lanishi bilan kuchga kiradi.

24 yillik tarixga ega «O'zbekinvest» kompaniyasi o'tgan davrdagi faoliyatida ko'rsatilayotgan sug'urta xizmatlari sifatini oshirish, hududiy filiallar va bo'limlar ishini faollashtirish, kadrlar salohiyatini oshirish, mijozlar talab va ehtiyojlarini puxta o'rganishga qaratilgan sa'y-harakatlar natijasida bir qator ijobiy natijalarga erishdi.

Kompaniya faoliyatining asosiy yo'nalishlaridan biri mijozlar manfaatiga mos keladigan barcha turdagi sifatli sug'urta xizmatlarini taqdim etishdan iborat. Tadbirda tashkilotchilar tomonidan ma'lumot berildiki, bugungi kunda kompaniya tomonidan 100 dan ortiq sug'urta mahsulotlari taklif etilmoqda.

Mijoz va kompaniya o'rtasida tuzilgan sug'urta shartnomasiga muvofiq qabul qilingan majburiyatlarni bajarish, korxona va tashkilotlar, tadbirkorlik sub'ektlari va jismoniy shaxslar mol-mulki, sog'lig'i va hayotiga baxtsiz hodisa oqibatida yetadigan zararlarni qoplab berish kompaniya faoliyatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.

Agar raqamlarga murojaat qilinsa, joriy yilning I choragi yakunlari bo'yicha «O'zbekinvest» kompaniyasi tomonidan 87,5 mlrd. so'm sug'urta mukofoti yig'ilib, mijozlar oldida 55,2 trln so'm hajmida majburiyatlar qabul qilingan. Joriy yil boshidan buyon mijozlarga 2594 ta, ya'ni har oyda o'rtacha 864 ta sug'urta da'volari bo'yicha 6 mlrd. so'm sug'urta qoplamalari to'lab berilgan.

Transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urtasi bo'yicha esa 2,1 mlrd. so'm sug'urta mukofoti yig'ilib, haydovchilar oldida 456 mlrd. so'm hajmida majburiyatlar olingan. Joriy yilning I choragi davomida 75 ta sug'urta hodisasi bo'yicha 250 mln. so'mdan ortiq sug'urta qoplamasi to'lab berilgan.

Tadbir davomida aholi o'rtasida sug'urta xizmatlarini yanada ommalashtirish, sug'urta himoyasining afzalliklarini keng targ'ib qilish hamda kompaniya tashkil etilganining 24 yilligi munosabati bilan joriy yilning 1 martidan 6 apreliga qadar transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish polisini sotib olgan yangi mijozlar o'rtasida “Omadli polis sohibi” aksiyasi ham o'tkazildi.

Aksiyaning omadli ishtirokchilariga «O'zbekinvest» kompaniyasidan qimmatbaho sovg'alar topshirildi.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati