«O'zbekinvest» kompaniyasi joriy yilning I choragida 2594 ta sug'urta da'volarini ko'rib chiqdi

chop etish versiyasi
06.04.2018

Aholi sog'lig'i yoki mol-mulkiga baxtsiz hodisa oqibatida zarar yetganda unga moliyaviy ko'mak berish sug'urta kompaniyasining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Mijozning sug'urta hodisasi yuzasidan murojaatini imkon qadar tez ko'rib chiqib, sug'urta qoplamasini o'z vaqtida to'lab berish esa sug'urtalovchining nufuzini belgilab beradi.

Agar raqamlarga murojaat qilinsa, 2018-yilning I choragida «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi tomonidan jami 2594 ta sug'urta da'volari ko'rib chiqilib, 6 mlrd. so'm sug'urta qoplamasi to'lab berilgan. Shundan qariyb 4,6 mlrd. so'mi yuridik shaxslarga to'lab berilgan bo'lsa, 1,4 mlrd. so'mi jismoniy shaxslar ulushiga to'g'ri keladi.

Shunday qilib, joriy yilning har oyida o'rtacha 864 ta sug'urta da'volari ko'rib chiqilgan bo'lib, asosan ipoteka sug'urtasi, transport vositalarini ixtiyoriy sug'urtasi, mol-mulk sug'urtasi, ixtiyoriy tibbiy sug'urta, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish shartnomalari bo'yicha sug'urta qoplamalari to'lab berilgan. Amalga oshirilgan sug'urta qoplamalarining 72 foizi yoki 4,3 mlrd. so'mi ixtiyoriy sug'urta turlariga, 28 foizi yoki 1,7 mlrd. so'mi esa majburiy sug'urta turlariga to'g'ri keladi.

Joriy yilning faqat mart oyida sodir bo'lgan sug'urta hodisalari bo'yicha berilgan da'vo arizalarini ko'rib chiqilishi natijasida yetkazilgan zararlarni qoplab berish uchun esa 1 mlrd. so'mdan ortiq sug'urta qoplamalari amalga oshirilgan. Ulardan ayrimlariga murojaat qilinsa, neftni qayta ishlash sohasida ixtiyoriy transport vositasi sug'urtasi bo'yicha 177 mln. so'm, temir yo'l sostavi sug'urtasi bo'yicha 156 mln. so'm sug'urta qoplamalari to'lab berildi.

Ta'kidlash joizki, «O'zbekinvest» kompaniyasi tomonidan aholi bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish maqsadida Ishonch telefonlari, tunu kun ishlovchi dispetcherlik xizmati joriy etilgan. Shuningdek, Toshkent shahri va poytaxt viloyati hududi bo'yicha xizmat ko'rsatuvchi assistans xizmati faoliyati yo'lga qo'yilgan bo'lib, sug'urta hodisasi yuz berganda kompaniya xodimlari voqea joyiga yetib borib, zarur yordamni ko'rsatmoqda.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati