«O'zbekinvest» milliy sug'urta kompaniyasi 2017-yilda 20,6 mlrd. so'm sug'urta qoplamalarini to'lab berdi

chop etish versiyasi
09.01.2018

Aholi sog'lig'i yoki mol-mulkiga baxtsiz hodisa oqibatida zarar yetganda unga moliyaviy ko'mak berish sug'urta kompaniyasining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Mijozning sug'urta hodisasi yuzasidan murojaatini imkon qadar tez ko'rib chiqib, sug'urta qoplamasini o'z vaqtida to'lab berish esa sug'urtalovchining nufuzini belgilab beradi.

Sug'urta qoplamalarini to'lab berish borasida ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatini doimiy oshirish, sug'urta shartnomalari bo'yicha o'z mijozlari oldida qabul qilingan majburiyatlarni vaqtida bajarish «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi faoliyatining muhim yo'nalishidir.

Agar raqamlarga murojaat qilinsa, 2017-yilda jami 10459 ta sug'urta da'volari ko'rib chiqilib, 20,6 mlrd. so'm sug'urta qoplamasi to'lab berilgan. Shundan qariyb 15,3 mlrd. so'mi yuridik shaxslarga to'lab berilgan bo'lsa, 5,3 mlrd. so'mi jismoniy shaxslar ulushiga to'g'ri keladi.

Shunday qilib, o'tgan yilda har oyda o'rtacha 871 ta sug'urta da'volari ko'rib chiqilgan bo'lib, asosan ipoteka sug'urtasi, transport vositalarini ixtiyoriy sug'urtasi, mol-mulk sug'urtasi, ixtiyoriy tibbiy sug'urta, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish shartnomalari bo'yicha sug'urta qoplamalari to'lab berilgan.

Amalga oshirilgan sug'urta qoplamalarining 51,5 foizi yoki 10,6 mlrd. so'mi majburiy sug'urta turlariga, 48,5 foizi yoki 10 mlrd. so'mi esa ixtiyoriy sug'urta turlariga to'g'ri keladi.

Ta'kidlash joizki, «O'zbekinvest» kompaniyasi tomonidan aholi bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish maqsadida ishonch telefonlari, tunu kun ishlovchi dispetcherlik xizmati joriy etilgan. Shuningdek, Toshkent shahri va poytaxt viloyati hududi bo'yicha xizmat ko'rsatuvchi adjaster xizmati faoliyati yo'lga qo'yilgan bo'lib, sug'urta hodisasi yuz berganda kompaniya xodimlari voqea joyiga etib borib, zarur yordamni ko'rsatmoqda.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati