2022-yilda “O‘zbekinvest”ning raqamli platformalari orqali 304 mingdan ortiq onlayn polislari sotildi

chop etish versiyasi
13.03.2023

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonni taraqqiyot strategiyasi doirasida asosiy tarmoqlarini raqamlashtirish va haqiqiy axborot jamiyatini barpo etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Milliy sug‘urta bozorining jadal rivojlanishini taʼminlash, isteʼmolchilarning sug‘urta bozoriga ishonchini oshirish maqsadida, shuningdek, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida raqamlashtirishni faol joriy etish tendentsiyalaridan kelib chiqqan holda “O‘zbekinvest” kompaniyasi barcha axborot tizimlari va mobil ilovalarida Face ID - mijozlarini biometrik identifikatsiyalashning raqamli texnologiyasini joriy etish bo‘yicha O‘zbekistonda birinchi bo‘ldi.

Face ID texnologiyasi mijoz qiyofasini aniqlash usulidan foydalangan holda polislarni rasmiylashtirish vaqtini qisqartiradi va sezilarli darajada soddalashtiradi. Face ID tizimida ro‘yxatdan o‘tgan mijozlar barcha turdagi sug‘urta polislarini hujjatlarsiz kompaniya ofislarida yoki elektron platformalar orqali onlayn tarzda rasmiylashtirishlari mumkin bo‘ladi. Natijada 2022-yil davomida 88 000 dan ortiq mijoz Face ID texnologiyasidan foydalangan holda bir zumda ro‘yxatdan o‘tish va sug‘urta xizmatlarini xarid qilish qulayligini his qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Kompaniya mijozlariga qulay va sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida onlayn sug‘urta platformalarini ishga tushirdi va qisqa vaqt ichida sug‘urtaning 9 turini to‘liq onlayn rejimiga o‘tkazdi. 2022-yilda kompaniyaning raqamli platformalari orqali 304 000 dan ortiq onlayn polislari sotib olindi, bu ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan 15 barobar ko‘pdir.

Mijozlarning sodiqligini saqlab qolish maqsadida sug‘urta mahsulotlarini sotishning yangi, zamonaviy vositalarini joriy etish ustida doimiy ish olib borgan holda “O‘zbekinvest” 2022-yilda Insurance.uz platformasi yoki mobil ilovalari orqali mijozlar tomonidan mustaqil ravishda sotib olingan barcha turdagi elektron polislar uchun ''Katta keshbek - 20%" maxsus aksiyasini yo‘lga qo‘ydi.

Barcha elektron platformalarda sug‘urta hodisasini ko‘rib chiqish uchun onlayn ariza berish xizmati mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida ishlab chiqilgan. Ushbu xizmat sug‘urta hodisasini ofisga tashrif buyurmasdan onlayn tarzda hal qilish va buning uchun sug‘urta tovonini olish imkonini beradi.

Shuningdek, kompaniyaning hududiy va agent tarmoqlarining ishini rivojlantirish maqsadida elektron sug‘urta mahsulotlarini rasmiylashtirish uchun barcha zamonaviy xizmatlardan foydalangan holda E-Polis mobil ilovasi ishlab chiqildi.

Tashkil etilgan va muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan “Sug‘urta maktabi” negizida kompaniyaning barcha xodimlarini o‘qitish va malakasini oshirish uchun moodle.uzbekinvest.uz raqamli axborot platformasi ishlab chiqilgan. Ushbu platforma onlayn rejimida o‘qib, sug‘urta mahsulotlarini sotuvchi agent bo‘lish imkonini beradi.

2023-yilda kompaniya tahlil, xavf-xatarni baholash, qarorlar qabul qilish va hujjatlarni rasmiylashtirishning barcha asosiy jarayonlarini sunʼiy intellekt texnologiyasi asosida raqamli formatga o‘tkazish bo‘yicha tizimli ishlarni yakunlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.