2022 yilda “Oʼzbekinvest” tomonidan “mahallabay” tamoyili asosidagi ish tizimi muvaffaqiyatli joriy etildi.

chop etish versiyasi
27.02.2023

"Inson qadrini ulugʼlash va faol mahalla yili"da “Oʼzbekinvest” sugʼurta kompaniyasi ishni “mahallabay” tamoyili asosida tashkil etishda ishtirok etishni oʼz faoliyatining ustuvor yoʼnalishi sifatida belgilab oldi.

2022-yilda mamlakatimizning 9 mingdan ortiq mahallasida istiqomat qilayotgan aholini turli xavf va xatarlardan qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ushbu tadbirlar shahar va qishloq aholisi oʼrtasida faol tushuntirish ishlarini olib borish, yoshlar orasidan yangi sugʼurta agentlarini jalb qilishdan iborat edi.

Natijada kam taʼminlangan oilalardan boʼlgan 1029 nafar fuqaro sugʼurta agenti sifatida ish bilan taʼminlandi. 2022 yilda ular tomonidan mahallalarda 12,3 milliard soʼmlik 176,1 ming donadan ortiq sugʼurta polislari sotilgan.

Maʼlumki, mijozlar tomonidan sugʼurta tashkilotini tanlashda asosiy omillardan biri bu toʼlab berilgan sugʼurta qoplamalari toʼgʼrisidagi statistik maʼlumotlardir. 2022 yilda “Oʼzbekinvest” tomonidan “Mahallabay” dasturi doirasida sotilgan polislar boʼyicha 1746 nafar mijozga 9,3 milliard soʼm sugʼurta tovonlari toʼlab berildi.

Masalan, Toshkent viloyati Parkent tumanida istiqomat qiluvchi Toʼxtaevlar oilasi 50 000 soʼm evaziga “Mening uyim – mening Vatanim” mol-mulk sugʼurta polisini xarid qilgan edi. Taqdir taqozosi bilan yongʼin natijasida Toʼxtaevlar oilasining uyi yonib ketdi. “Oʼzbekinvest” xodimlarining voqea joyiga tezkorlik bilan yetib borishi natijasida yetkazilgan zarar hisoblab chiqilib, mijozga 98 million soʼm miqdorida tovon puli toʼlab berildi.

Fuqaro Shuhrat Xasanboev 2022 yil aprel oyida “Oʼzbekinvest” kompaniyasida avtotransport vositalarini sugʼurtalash polisini rasmiylashtirgan. Oʼsha yilning noyabrь oyida Sh.Hasanboev yoʼl-transport hodisasi ishtirokchisiga aylanib, “Oʼzbekinvest” kompaniyasiga murojaat qilgan. Natijada Sh.Hasanboevga “Oʼzbekinvest” tomonidan 99,5 million soʼm tovon puli toʼlab berilgan.

Kompaniya shahar va qishloq aholisiga koʼplab sugʼurta polislari toʼplamini taklif etadi, jumladan: baxtsiz hodisalardan sugʼurtalash, uy-joy sugʼurtasi, avtotransport vositalarini sugʼurtalash va boshqalar.

“Oʼzbekinvest” kompaniyasi vakillari mahallalarda aholi bilan oʼtkazilgan sayyor uchrashuvlarda sugʼurta xizmatlaridan foydalanishning afzalliklari, shuningdek, aholi va tadbirkorlik subʼektlariga sugʼurta koʼzda tutilmagan zararlar qoplanishining moddiy manbai ekanligi haqida tushuntirishlar berdilar.

“Oʼzbekinvest” tomonidan mamlakatimizning chekka hududlari aholisiga taklif etilayotgan sugʼurta turlarining aksariyati “inklyuziv” deb ataladigan sugʼurta turlariga tegishlidir. Bu shuni anglatadiki, ushbu sugʼurta turlari boʼyicha polis stavkalarini tuzishda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining eng kam daromadlari hisobga olinadi. Shu yoʼl bilan kam taʼminlangan oilalardan boʼlgan fuqarolar sugʼurta himoyasi bilan taʼminlanadi.

2023-yilda “Oʼzbekinvest” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimiz mahallalarida aholini sugʼurta himoyasini taʼminlash, ularning moliyaviy xizmatlarning ushbu turiga ishonchini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar respublikamizning barcha hududlarida davom ettiriladi.