“O‘zbekinvest”da “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi

chop etish versiyasi
10.11.2023

“O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi AJ Farg‘ona filialida  “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.  Ishtirokchilar filial faoliyati bilan yaqindan tanishib, mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Ta'kidlash o‘rinliki, sug‘urta kompaniyasi 29 yillik faoliyati davomida  bozor iqtisodiyotida o‘z o‘rni va mavqe'ini mustahkamlash bilan birga,   malakali, jismonan sog‘lom va yetuk kadrlarni yetishtirishga alohida ahamiyat qaratib kelmoqda. Filial xodimlaridan tarkib topgan futbol jamoasi tashkil etilgan bo‘lib, har yili mini-futbol  sport turi bo‘yicha an'anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “O‘zbekinvest kubogi”  respublika  musobaqasida  muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda. Joriy yilning avgust oyida o‘tkazilgan musobaqada Farg‘ona filiali jamoasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Tadbir davomida  filial direktori A'zambek  Mamasaidov bilan  uchrashuv tashkil etildi. Unda yoshlarning, ishlash istagida bo‘lgan ishtirokchilarning  sug‘urta sohasi bo‘yicha salohiyatini va sug‘urta biznesidagi amaliy ko‘nikmasini oshirish, kasbiy tayyorgarlik sifatlarini takomillashtirish hamda bandligini ta'minlash bo‘yicha so‘z yuritildi.

“Ochiq eshiklar kuni”da  ishtirok etgan  Farg‘ona davlat universitetining “Sug‘urta ishi” yo‘nalishi talabalari bilan esa kelgusida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishib olindi.  Jumladan, o‘quv jarayonini sug‘urta biznesining amaliy jihatlarini o‘rganish bilan uzviy bog‘lash, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini rag‘batlantirish uchun  filialda maxsus seminar-treninglar  tashkil etish,  malaka oshirish va ishga jalb etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

– Kompaniya faoliyati bilan yaqindan tanishib, mutaxassisligim doirasida shu yerda amaliyot o‘tashni niyat qildim, – deydi  Farg‘ona davlat universiteti 2-kurs talabasi Mavluda Habibullayeva. –    Kelgusida ilk ish faoliyatimni shu yerda boshlasam ham ajab emas.  Zero, bu yerda mavjud bo‘lgan sharoit va imkoniyatlar menga juda yoqdi.