“O‘zbekinvest” kompaniyasidagi Toshkent moliya instituti “Sug‘urta ishi” kafedrasi filialining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

chop etish versiyasi
28.09.2023

Joriy yilning 28 sentyabr kuni “O‘zbekinvest” kompaniyasining bosh ofisi binosida Toshkent moliya instituti “Sug‘urta ishi” kafedrasining “O‘zbekinvest” kompaniyasidagi filiali ochilishining tanatanali marosimi bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekinvest” kompaniyasining Bosh direktori R.Azimov tomonidan talaba yoshlarning sug‘urta sohasi bo‘yicha ilmiy salohiyatlarini va sug‘urta biznesidagi amaliy ko‘nikmalarini oshirish, kasbiy tayyorgarlik sifatlarini takomillashtirish, ilmiy izlanish faoliyatini rag‘batlantirish va iqtidorli talabalarni Kompaniyaga saralab olish “O‘zbekinvest” kompaniyasining o‘z oldiga qo‘ygan asosiy maqsadlaridan biri hisoblanishini ta'kidlab o‘tildi.

Toshkent moliya instituti rektori T.Teshaboyev “O‘zbekinvest” kompaniyasi qoshida “Sug‘urta ishi” kafedrasi filialining tashkil etilishi o‘quv jarayonini sug‘urta biznesining amaliy jihatlarini o‘rganish bilan uzviy bog‘lash, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini rag‘batlantirish uchun yaxshi imkoniyat yaratayotganini alohida ta'kidladi.

Shu kunga qadar Toshkent moliya institutining 30ga yaqin talabasi “O‘zbekinvest” kompaniyasining muassasalarida amaliyotlarini o‘tadilar va nufuzli lavozimlarda o‘z ish faoliyatini olib bormoqdalar.

2022 va 2023 yillar davomida Kompaniyaning tajribali xodimlari tomonidan maxsus tashkil etilgan seminar-treninglarda  500 yaqin institut talabalari va 20dan ortiq institut pedagog xodimlari ishtirok etishgan.

Toshkent moliya institutining “Sug‘urta ishi“ ta'lim yo‘nalishini tamomlayotgan talabalarning bitiruv malakaviy ishi diplom himoyasiga “O‘zbekinvest” kompaniyasining tajribali xodimlari biriktirilgan bo‘lib, bunday tajriba mamlakatimiz oliy ta'lim tizimida ilk marta joriy etildi. Mazkur tajribaning afzallik tarafi shundaki, bitiruvchi talaba-yoshlarning diplom ishlariga ham institutdan, ham kompaniyadan ilmiy maslahatchilar biriktirilgan bo‘lib, talabalarga ilm olish jarayonida nazariya, uslubiyot hamda amaliyotni chambarchas bog‘langan holda o‘rganishlariga ko‘mak beradi. 

Mamlakatimizda ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga o‘z hissasini qo‘shgan holda “O‘zbekinvest” kompaniyasining mamlakatning moliya va iqtisod universitetlari talabalari yoshlarning sug‘urta sohasi bo‘yicha ilmiy-amaliy salohiyatlarini oshirishga qaratilgan bu kabi tadbirlari davom ettiriladi.

https://kun.uz/news/2023/09/29/ozbekinvest-kompaniyasidagi-toshkent-moliya-instituti-sugurta-ishi-kafedrasi-filialining-ochilish-marosimi-bolib-otdi